O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TAʼLIM MUASSASALARIDA IKKINCHI VA UNDAN KEYINGI OLIY TAʼLIMNI OLISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
«Taʼlim
to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining «Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoniga
muvofiq fuqarolarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikkinchi va undan
keyingi oliy taʼlim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar
Mahkamasi qaror qiladi:
1.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim
muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni olish tartibi
to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2022-yil 1-maydan boshlab
kuchga kiritilsin:
oliy taʼlim
muassasalari bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib,
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni oliy taʼlim muassasalarida mavjud
bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va taʼlim shakllarida tashkil etish;
ikkinchi va
undan keyingi oliy taʼlim bo‘yicha qabul parametrlarini belgilash, uqishga
kirish uchun belgilangan muddatlarda maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan
o‘tish;
ikkinchi va
undan keyingi oliy taʼlimda o‘quv jarayonini tashkil etish, shu jumladan,
o‘qish davomiyligini tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari uchun
belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilash;
ikkinchi va
undan keyingi oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari o‘quv rejasi va
fan dasturlarini tayanch oliy taʼlim muassasalari tomonidan turdosh oliy taʼlim
muassasalari bilan kelishilgan xolda kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan
kelib chiqib alohida ishlab chiqish va tasdiqlash.
2.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor
vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy
hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur
qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining
ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov
zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent
sh.,
2021-yil
24-sentyabr,
606-son
Vazirlar
Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 606-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston
Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni
olish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob.
Umumiy qoidalar
1. Ushbu
Nizom oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni tashkil etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim
muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. «Taʼlim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi
Qonunining 11-moddasiga muvofiq fuqarolar shartnoma asosida ikkinchi va undan
keyingi oliy maʼlumotni olish huquqiga egadirlar.
3. Oliy maʼlumotga ega bo‘lgan bakalavr (diplomli
mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha
ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimni olishlari mumkin.
4. Oliy taʼlim muassasalari tomonidan ikkinchi va undan
keyingi oliy taʼlim mavjud quvvatlari, moddiy-texnika bazasi,
professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari
xususiyatidan kelib chiqib, muayyan oliy taʼlim muassasasida bir yil oldingi
qabul parametrlarida mavjud bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va taʼlim
shakllarida tashkil etiladi.
2-bob. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul
qilishni tashkil etish
5. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim bo‘yicha qabul
parametrlari oliy taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va
moddiy-texnik bazasi hisobga olingan holda oliy taʼlim muassasasi kengashi
tomonidan belgilanadi.
6. Oliy taʼlim muassasalarida tashkil etiladigan qabul
komissiyalari (keyingi o‘rinlarda — qabul komissiyasi)ga ikkinchi va undan
keyingi oliy taʼlim qabulini amalga oshirish vazifasi yuklatiladi.
7. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga o‘qishga kirish
uchun abituriyentlar har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab
chiqilgan maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
8. Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda maxsus elektron
tizimga o‘zining shaxsiy maʼlumotlarini kiritadi va quyidagi hujjatlarni
yuklaydi:
oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi (yoki
diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarini
davlat granti asosida o‘qib tugatganlar uchun);
oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjatning ilova nusxasi.
Bunda, xorijiy davlatlar taʼlim muassasalarining 1992-yil
1-yanvardan keyin berilgan diplomlari belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan
o‘tkazilgan bo‘lishi lozim.
9. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul qilish
tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o‘tkazish
muddatlari) oliy taʼlim muassasasining xususiyatidan kelib chiqib, oliy taʼlim
muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi va har yili 1-iyulga qadar oliy
taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
10. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimga qabul qilish
natijalari har yili 30-avgustga qadar oliy taʼlim muassasalari tomonidan eʼlon
qilinadi.
11. Ikkinchi va undan keyingi taʼlimda o‘qish uchun
talabalikka tavsiya etilgan shaxslar bilan oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida
shartnoma rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar yuridik shaxslar uchun 3 nusxada, jismoniy
shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Shartnoma shartlari, ularni amalga oshirish tartibi hamda
tomonlarning majburiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim
yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqib, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim
uchun to‘lov-kontrakt miqdori bir talabani o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar
miqdoridan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi.
13. Talabalarni o‘qishga qabul qilish shartnomada
belgilangan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, oliy taʼlim muassasasi
rektorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
3-bob. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda o‘quv
jarayonini tashkil etish
14. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda o‘qish o‘quv
rejalaridagi fanlar farqidan qatʼi nazar 2-kursdan boshlanadi.
Bunda ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda o‘qish
davomiyligi tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari uchun belgilangan
muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.
15. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimning bakalavriat
taʼlim yo‘nalishlari o‘quv rejasi va fan dasturlari tayanch oliy taʼlim
muassasalari tomonidan turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan kelishilgan holda
kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi taʼlim shakli
uchun tasdiqlangan o‘quv reja va fan dasturlariga muvofiq holda alohida ishlab
chiqiladi va tasdiqlanadi.
16. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda tahsil olayotgan
talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son
qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini
ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi
nizomga asosan amalga oshiriladi.
17. Ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimda tahsil olgan
shaxslarga, davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha, davlat namunasidagi
hujjat (diplom va uning ilovasi) beriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonun
hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
19. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan
shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari
milliy bazasi, 24.09.2021-y., 09/21/606/0911-son)