Navro‘z shukuhi — milliy qadriyatlar tarannumi!

Navro‘z shukuhi — milliy qadriyatlar tarannumi!

Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti To'rtko'l fakultetida navroz sayli

Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetining To‘rtko‘l fakultetida sharqona tarovat va ko‘tarinki ruhda Navro‘z sayli keng nishonlandi. Ushbu unutilmas bayramda milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va an’analarimiz yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Sayl davomida bahorning ramzi bo‘lgan sumalak tayyorlanib, mehmonlarga tortildi. Shuningdek, osh, ko‘k somsa, bo‘g‘irsoq kabi milliy taomlarimiz dasturxonlarga fayz bag‘ishladi. Har bir taomda xalqimizning mehmondo‘stligi va mehr-oqibati aks etdi.

Bayramona kayfiyatni mumtoz kuy-qo‘shiqlar yanada yuksaltirib, ishtirokchilar dilbar raqslar bilan davraga fayz kiritdilar. Milliy xalq o‘yinlari — arqon tortish va tosh ko‘tarish musobaqalari esa yoshlar o‘rtasida jismoniy chiniqish va hamjihatlikni mustahkamladi.

Navro‘z — bu yangilanish, mehr-oqibat va birlik bayramidir. Ushbu sayl barchaga quvonch ulashib, qalblarda iliq taassurotlar qoldirdi.

Yangi kun muborak bo‘lsin! Navro‘z ayyomingiz qutlug‘ bo‘lsin!